29.03.2024, Juma

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi «Qishloq xo'jaligini o'z vaqtida qishloq xo'jaligi texnikasi bilan ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi 373-sonli qarori haqida

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi «Qishloq xo'jaligini o'z vaqtida qishloq xo'jaligi texnikasi bilan ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi 373-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi 
QAROR  QILADI:
1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil  18 maydagi «Qishloq xo'jaligini o'z vaqtida qishloq xo'jaligi texnikasi bilan ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi 373-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan: 
a) Quyidagilar:
2018 yilda tumanlar bo'yicha qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berish, shu jumladan lizing asosida etkazib berishning qo'shimcha hajmlari parametrlari 1-26-ilovalar*ga muvofiq;
2018 yilda qishloq xo'jaligi texnikasi etkazib berishning qo'shimcha hajmlarini moliyalashtirish manbalari va hududlar bo'yicha moliyalashtirish jadvallari 27 va 28-ilovalarga muvofiq;
2018 yilda qishloq xo'jaligi texnikasini turlari bo'yicha qo'shimcha hajmlarda etkazib berish jadvali 29-ilovaga muvofiq;
buyurtmalar portfelini shakllantirish ishlarini tashkil etish va qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzish sxemasi 30-ilovaga muvofiq;
qishloq xo'jaligi texnikasini ishlab chiqarish hamda lizing asosida  va tijorat banklari kreditlari hisobiga etkazib berishni moliyalashtirishni tashkil etish sxemalari 31-33-ilovalarga muvofiq;
qishloq xo'jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga mexanizatsiyalashgan xizmatlar ko'rsatish ishlarini tashkil etish sxemasi 34-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
b) Quyidagilarga:
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari N.S.Otajonov hamda «O'zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi M.A.Karimov zimmasiga - qishloq xo'jaligi texnikasi o'z vaqtida ishlab chiqarilishi va etkazib berilishi;
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari N.S.Otajonov, Qishloq xo'jaligi vaziri B.T.Yusupov, «O'zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi M.A.Karimov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari zimmasiga - tegishli yilning 15 oktyabrigacha bo'lgan muddatda kelgusi yil uchun qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berish yuzasidan buyurtmalar portfeli shakllantirilishi va hududiy yarmarkalar o'tkazilishi;
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Moliya vaziri J.A.Qo'chqorov zimmasiga - tuzilgan shartnomalarga muvofiq qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berishni moliyalashtirish manbalarining o'z vaqtida shakllantirilishi va ta'minlanishi;
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari, tijorat banklari rahbarlari zimmasiga - mablag'larni jamlash hamda avans to'lovlarining ushbu qarorda nazarda tutilgan miqdorlarda va muddatlarda o'tkazib berilishi ta'minlanishi uchun mas’uliyat yuklanganligi;
v) «O'zagroservis» AJ mashina-traktor parklarining mexanizatsiyalashgan xizmatlari uchun hisob-kitoblar shartnoma jadvaliga muvofiq ularni ko'rsatishdan kamida bir ish kuni oldin xizmatlarning kamida 50 foizi miqdorida, yakuniy hisob-kitoblar xizmatlar qabul qilingandan keyin bir ish kuni mobaynida amalga oshirilishi tartibi etib belgilab qo'yilganligi;
g) «O'zagrotexsanoatxolding» AJga;
2018 yil 1 noyabrdan boshlab etkazib beriladigan o'zi yurar qishloq xo'jaligi texnikasi amalga oshirilayotgan agrotexnika tadbirlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beruvchi zamonaviy avtomatlashtirilgan navigatsiya va monitoring (GPS navigatsiya) tizimi bilan jihozlanishini ta'minlash;
2020 yil 1 yanvargacha bo'lgan muddatda - «O'zagroservis» AJ mashina-traktor parklarining barcha o'zi yurar qishloq xo'jaligi texnikasi navigatsiya  va monitoring (GPS navigatsiya) tizimi hamda hisobga olishning boshqa texnik vositalari bilan jihozlanishini ta'minlash;
amalga oshirilayotgan agrotexnika tadbirlarining monitoringini olib borish va nazorat qilish tizimini hamda hisobga olishning boshqa texnik vositalarini bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan bir oy muddatda «O'zagroservis» AJ bilan birgalikda tadbirlar rejasini ishlab chiqish  va tasdiqlash topshirilganligi;
d) O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosarlari (Mirzaev, Otajonov, Qo'chqorov)ga tugatilgan fermer xo'jaliklari tugatilishi munosabati bilan ularning «O'zagrolizing» AJ va «O'zagroservis» AJ oldidagi qarzlari miqdorini aniqlash hamda ko'rsatib o'tilgan tashkilotlarning O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi oldida hosil bo'lgan qarzdorliklarini restrukturizatsiya qilish yuzasidan takliflar kiritish topshirilganligi;
e) O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari N.S.Otajonov hamda «O'zagrotexsanoatxolding» AJga:
bir oy muddatda - trener-instruktorlarni, qishloq xo'jaligi texnikasi operatorlarini, shuningdek, ularni ta'mirlash bo'yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo'yicha o'z poligoniga ega bo'lgan model o'quv markazini tashkil etish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
ikki oy muddatda - Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda kasb-hunar kollejlarida zamonaviy qishloq xo'jaligi texnikasini boshqarish bo'yicha mutaxassislar tayyorlash uchun o'quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
uch oy muddatda - operatorlarni yangi turdagi qishloq xo'jaligi texnikasida ishlash uchun qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, qishloq xo'jaligi texnikasidan foydalanish va ularga servis xizmatlari ko'rsatish bo'yicha mutaxassislar uchun hududiy kurslar tashkil etish, amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash va uning amalga oshirilishi yuzasidan nazorat o'rnatish topshirilganligi;
j) «O'zagrotexsanoatxolding» AJga «O'zagrotexsanoatxolding» AJ tizimi xodimlarining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va ularni moddiy rag'batlantirishni takomillashtirish masalalarini o'rganish, zarurat bo'lganda ushbu masalalar yuzasidan 2018 yil 1 iyulgacha bo'lgan muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish tavsiya etilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. 2018 yilda tumanlar bo'yicha qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berish, shu jumladan lizing asosida etkazib berishning qo'shimcha hajmlari parametrlari 1-2-ilovalar*ga muvofiq tasdiqlansin.
4. «Qoraqalpog'iston Agroservis MTP» MChJga, «O'zagrolizing» AJning Qoraqalpog'iston Respublikasi filialiga tumanlar hokimliklariga:
tegishli yilning 15 oktyabrigacha bo'lgan muddatda kelgusi yil uchun qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berish yuzasidan buyurtmalar portfeli shakllantirilishini va hududiy yarmarkalar o'tkazilishini;
tijorat banklari bilan birgalikda - mablag'larni jamlash hamda avans to'lovlarining ushbu qarorda nazarda tutilgan miqdorlarda va muddatlarda o'tkazib berilishi ta'minlash topshirilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.J.Xojametov zimmasiga yuklansin.


Qoraqalpog'iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi                                      Q.Sariev