28.03.2024, Payshanba

25.05.2018. Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Mamlakatda notariatni isloh qilish, uni preventiv odil sudlov hamda sud nizolarining oldini olish vazifalarini bajaruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ta’minlovchi muhim institutlardan biri sifatida shakllantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, notarial idoralarning faoliyatida sud-huquq sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishda, iqtisodiy, oilaviy, meros, uy-joy, mehnat va boshqa nizolarning oldini olishda notariatning salohiyatidan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Xususan: 

birinchidan, aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati va tezkorligi past darajadaligi, notarial idoralardagi uzundan-uzun navbatlar, davlat bojlari va boshqa yig‘imlar undirishning shaffof emasligi, shuningdek, mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlar aholining notariat tizimiga bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda hamda korrupsiya ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga imkon qoldirmoqda; 

ikkinchidan, asosan tasdiqlash xususiyatiga ega bo‘lgan vazifani bajarayotgan amaldagi notariat tizimi mamlakatning bugungi rivojlanish talablariga javob bermayapti, notarial harakatlarni bevosita aholi punktlariga chiqqan holda amalga oshirishning keng amaliyoti mavjud emas. Jamiyatning rivojlanishidan ortda qolayotgan notariatning faoliyat ko‘rsatish tizimi uning kompleks notarial xizmatlar ko‘rsatuvchi yanada faol modeliga o‘tishni talab etmoqda; 

uchinchidan, zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning past darajadaligi, idoralararo elektron hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi aholiga tezkor notarial xizmatlarni ko‘rsatish imkonini bermayapti hamda zarur ma’lumotnoma va hujjatlarni to‘plash uchun vakolatli davlat tashkilotlariga bevosita tashrif buyurishni talab etmoqda. Profilaktik choralar sifatida eng ko‘p nizolashilayotgan notarial bitimlarni rasmiylashtirishda audio va video qayd etishdan foydalanilmayapti; 

to‘rtinchidan, notariuslar va notarial idoralarning xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi notariat korpusini yuqori malakali kadrlar bilan shakllantirish masalalarini tizimli ravishda hal etish imkonini bermayapti. Notariuslarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlari notarial amaliyot bilan yetarli darajada uyg‘unlashtirilmagan; 

beshinchidan, stajirovka o‘tashning uzoq va murakkab jarayoni bo‘sh turgan notarius lavozimlarini malakali kadrlar bilan tez to‘ldirish uchun zarur choralarni ko‘rish imkonini bermayapti; 

oltinchidan, notarial xizmatlar ko‘rsatishning sifati va tezkorligi, notarial idora xodimlari tomonidan o‘z funksional vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmi, ayniqsa, masofadan nazorat qilish shakllantirilmagan. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilash maqsadida: 

1. Notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan bitimlarni tasdiqlashda “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin va 2019-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, boshqa vakolatli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda: 

ikki oy muddatda notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha bitimlarni tasdiqlashda davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilishning ma’muriy reglamentlari loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin; 

belgilangan muddatlarda ushbu qarorning 1-ilovasida nazarda tutilgan axborotlarni almashish uchun ma’lumot bazalari va axborot tizimlarini joriy etish, shuningdek, ularni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-sentyabrga qadar muddatda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar bo‘yicha elektron ma’lumot bazasi shakllantirilishini, keyinchalik uni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlasin. 

2. 2019-yil 1-yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilinsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin 

va belgilangan tartibda tasdiqlasin. 

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2019-yil 1-yanvardan boshlab: 

ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash faqat “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega bo‘lgan qat’iy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi; 

vasiyatnomalarni imzolash jarayoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Notariat to‘g‘risida”gi qonuni 34-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayoni majburiy audio va video qayd etilishi lozim; 

yuridik shaxs notariusga ixtiyoriy murojaat etganda uning kollegial organining qarori qabul qilinganligi fakti notarial tasdiqlanishi lozim. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining 2019-yil 1-yanvardan quyidagilarga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirishning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin: 

notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash barmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatidagi) biometrik ma’lumotlar bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi; 

murojaat etuvchilarning notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlash notarial tasdiqlanayotgan hujjatlarga ular tomonidan imzo qo‘yish va maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan asbob va uskunalarni olishda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga texnik jihatdan amaliy yordam ko‘rsatsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining: 

notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka o‘tash muddatini ikki yildan bir yilga qisqartirish to‘g‘risidagi; 

notarius lavozimiga nomzodlar uchun sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslarga majburiy stajirovka o‘tash bo‘yicha talabni bekor qilish haqidagi takliflariga rozilik berilsin. 

Belgilansinki, mazkur bandning amal qilishi ushbu qaror kuchga kirgan paytda notarial idoralarda stajirovka o‘tayotgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi. 

6. Notariat institutini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

“Yo‘l xaritasi”da ko‘rsatilgan vazirlik va idoralarning rahbarlari unda nazarda tutilgan tadbirlar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ikki oy muddatda: 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda sudlarga murojaat etishda davlat bojlarini to‘lashdagi imtiyozlar va belgilangan davlat boji miqdorlarini tanqidiy o‘rganib chiqsin, natijasi bo‘yicha notariuslarning ijro yozuvlaridan foydalanish amaliyotini kengaytirishga, sud tizimidagi ish hajmini kamaytirishga yo‘naltirilgan davlat boji stavkalari va imtiyozlarini maqbullashtirish yuzasidan taklif kiritsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda meros ishlarini rasmiylashtirish sohasida notarial va sud amaliyotini o‘rgansin va ushbu sohadagi yagona yondashuvni ta’minlash yuzasidan taklif kiritsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 2019 yil 1 yanvardan boshlab uy-joyni xususiylashtirishga rozilik berilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotni notarial idoralarga real vaqt rejimida bepul asosda taqdim qilinishini ta’minlasin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda barcha notarial idoralarni ularda belgilangan ish vaqtiga muvofiq faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus kassalar, shuningdek, maxsus kassalarni bank plastik kartochkalaridan to‘lovni qabul qilish bo‘yicha hisob terminallari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tijorat banklari tomonidan notariuslar tomonidan o‘zlarining notarial idoralari bino va inshootlarida ochilgan maxsus kassalari orqali undiriladigan davlat bojlarining jami summasidan ajratma olish haqida taklif kiritsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi: 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida notarius lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlab olish jarayonini real vaqt rejimida audio va videotranslyatsiya qilish amaliyotini joriy etsin; 

2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda notarial idoralarda notarial harakatlarning maxfiyligini saqlagan holda real vaqt rejimidagi masofaviy markazlashtirilgan audio va videokuzatuv tizimini joriy etish, bunda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan ulardan foydalanishni ta’minlasin; 

ikki oy muddatda notariuslarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-reja va dasturlarni, jumladan, psixologiya va yuridik faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan tartiblar va ko‘nikmalarga (stressni boshqarish, kelishmovchiliklarni boshqarish, ish vaqtini samarali tashkil etish) o‘rgatish bo‘yicha darslar kiritilishini nazarda tutgan holda qayta ko‘rib chiqsin; 

notarial amaliyotda vujudga kelayotgan dolzarb masalalarni videokonferensiyalar tashkil etish orqali muhokama qilishni nazarda tutuvchi doimiy seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazib borishni amaliyotga keng joriy etsin; 

Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholining notarial xizmatlardan foydalanish imkonini oshirish maqsadida notarial okrugdagi notarius lavozimlarini belgilash mezonlarini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar muddatda ilg‘or xorijiy tajribani va milliy notarial amaliyotni chuqur o‘rgangan holda davlat notarial idoralarini faol nodavlat shakliga o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritsin; 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish 

va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K.Davletov zimmasiga yuklansin. 



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 25-may