21.09.2019, Shanba

O'simliklar karantini to'g'risida (yangi tahriri)

O'simliklar karantini to'g'risida (yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi o'simliklar karantini sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. O'simliklar karantini to'g'risidagi qonun hujjatlari

O'simliklar karantini to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining o'simliklar karantini to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

karantin ostidagi mahsulot – o'simliklar karantini ob’ektlarini tashuvchilar bo'lishi mumkin bo'lgan o'simliklar, ularning qismlari, ekish materiallari, qayta ishlash mahsuloti, boshqa mahsulot va yuklar;

karantin ruxsatnomasi – karantin ostidagi mahsulotni belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib o'tishga ruxsat berilganligini tasdiqlaydigan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi tomonidan berilgan hujjat;

karantin cheklovlari – karantin ostidagi mahsulotni O'zbekiston Respublikasiga olib kirishni, O'zbekiston Respublikasidan olib chiqishni, tashishni va ulardan foydalanishni o'simliklar karantini ob’ektlari tarqalishining oldini olish maqsadida muayyan muddatga cheklovchi fitosanitariya tadbirlari;

o'simliklar karantini – qishloq xo'jaligiga va boshqa o'simliklar dunyosiga zarar etkazishi mumkin bo'lgan o'simliklar karantini ob’ektlari kirib kelishining, tarqalishining oldini olishga hamda bunday ob’ektlarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar majmui;

o'simliklar karantini ob’ekti – dunyoda karantin ahamiyatiga ega bo'lgan, O'zbekiston Respublikasi hududida mavjud bo'lmagan yoki cheklangan tarzda tarqalgan zararli organizmlar;

o'simliklar karantini ob’ektlarini tashuvchilar – o'simliklar karantini ob’ektlarining tarqalishiga imkoniyat tug'dirishi mumkin bo'lgan transport vositalari, qishloq xo'jaligi mashinalari, erga ishlov berish qurollari, idishlarning barcha turlari, ayrim sanoat tovarlari, qadoqlash vositalari, shuningdek o'simlik mahsulotlaridan tayyorlangan buyumlar, yaxlit toshlar, tuproq namunalari va (yoki) boshqa ob’ektlar;

fitosanitariya sertifikati – karantin ostidagi mahsulotda o'simliklar karantini ob’ektlari mavjud emasligini tasdiqlovchi xalqaro namunadagi hujjat;

fumigatsiya – o'simliklar karantini ob’ektlarini va boshqa zararli organizmlarni yo'q qilish maqsadida ularni kimyoviy vositalarning gazlari bilan zararsizlantirish.

4-modda. Fitosanitariya talablari 

Karantin ostidagi mahsulotga, uni olib kirishga, olib chiqishga, ishlab chiqarishga, qayta ishlashga, saqlashga, tashishga, realizatsiya qilishga va yo'q qilishga doir talablarni belgilaydigan, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart bo'lgan hujjatlar fitosanitariya talablaridir.

Fitosanitariya talablari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi (bundan buyon matnda O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadi va agar hujjatlarning o'zida boshqa kechroq muddat ko'rsatilmagan bo'lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

2-bob. O'simliklar karantini sohasini tartibga solish

5-modda. O'simliklar karantini sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari 

O'simliklar karantini sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari quyidagilardan iborat:
o'simliklar karantini sohasidagi tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; 
o'simliklar karantini bo'yicha davlat nazoratini amalga oshirish;

tashqi va ichki o'simliklar karantini bo'yicha tadbirlar tizimini amalga oshirish;
o'simliklar karantini sohasida fitosanitar xavfsizlikni ta'minlash;
o'simliklar karantini sohasida samarali monitoring olib borish tizimini ishlab chiqish; 
o'simliklar karantini sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.


6-modda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  o'simliklar karantini sohasidagi vakolatlari

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
o'simliklar karantini sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlaydi;
o'simliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining o'simliklar karantini sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
o'simliklar karantini sohasidagi hujjatlarni, xususan, karantin ruxsatnomasini, transport birliklarini ochish to'g'risidagi dalolatnomani, karantin ko'rigi dalolatnomasini, fitosanitariya sertifikatini, ichki fitosanitariya sertifikatini va reeksport uchun fitosanitariya sertifikatini berish tartibini belgilaydi;
o'simliklar karantini sohasida monitoringni amalga oshirish tartibini belgilaydi;

O'simliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga ko'ra Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlarini o'simliklar karantini ostida deb e’lon qiladi hamda zarur karantin cheklovlarini o'rnatadi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining  o'simliklar karantini sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
o'simliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
o'simliklar karantini sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

o'simliklar karantini davlat inspektorlarining taqdimnomalariga ko'ra tegishli hududlarni o'simliklar karantini ostida deb e’lon qiladi va zarur karantin cheklovlarini o'rnatadi;

o'simliklar karantiniga doir tadbirlarni o'tkazishda davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo'linmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

8-modda. Fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining,  nodavlat notijorat tashkilotlarining va  fuqarolarning o'simliklar karantiniga doir tadbirlarni o'tkazishdagi ishtiroki 

Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari:
o'simliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
tegishli hududda o'simliklar karantini sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

tegishli hudud aholisini o'simliklar karantini ob’ektlari tarqalganligi to'g'risida xabardor qilishda o'simliklar karantini davlat inspektorlariga ko'maklashadi.
Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarni o'tkazishda ham ishtirok etishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar O'zbekiston Respublikasi hududini o'simliklar karantini ob’ektlarining kirib kelishidan yoki tarqalishidan himoya qilishda (fitosanitar xavfsizlik) davlat organlariga va boshqa organlarga zarur yordam ko'rsatishi mumkin.

3-bob. O'simliklar karantinibo'yicha davlat xizmati tizimi va unga rahbarlik qilish

9-modda. O'simliklar karantini bo'yicha  davlat xizmati tizimi

O'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati tizimini:
O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalari; 
O'simliklar karantini ilmiy markazi;

avtomobil yo'llaridagi, temir yo'l stantsiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi o'simliklar karantini chegara punktlari va pochtamtdagi o'simliklar karantini punkti tashkil etadi.

O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo'ysunadi. 
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalari O'simliklar karantini davlat inspektsiyasiga, shuningdek tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga bo'ysunadi. 

O'simliklar karantini ilmiy markazi O'simliklar karantini davlat inspektsiyasiga bo'ysunadi. 
Tumanlar va shaharlarning o'simliklar karantini davlat inspektorlari, avtomobil yo'llaridagi, temir yo'l stantsiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi o'simliklar karantini chegara punktlari va pochtamtdagio'simliklar karantini punkti tegishincha yuqori turuvchi o'simliklar karantini davlat inspektsiyalariga bo'ysunadi.

10-modda. O'simliklar karantini bo'yicha  davlat xizmatiga rahbarlik qilish 

O'zbekiston Respublikasining o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatiga rahbarlikni O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi amalga oshiradi. 

Qoraqalpog'iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatiga rahbarlikni tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalari amalga oshiradi. 

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalarining boshliqlari O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi tomonidan tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi. Tumanlar va shaharlarning o'simliklar karantini davlat inspektorlari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi.

Avtomobil yo'llaridagi, temir yo'l stantsiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi o'simliklar karantini chegara punktlaridagiva pochtamtdagio'simliklar karantini punktidagi o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatiga o'simliklar karantini tegishli chegara punktlarining O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan mudirlari boshchilik qiladi.

11-modda. O'simliklar karantini davlat inspektsiyasining  vakolatlari

O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi:
o'simliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

o'simliklar karantini bo'yicha dasturlar va tadbirlarning o'z vaqtida bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi, bu dasturlar va tadbirlarning O'zbekiston Respublikasi hududida o'z vaqtida bajarilishi uchun javobgar bo'ladi;

o'z vakolatlari doirasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart bo'lgan buyruqlar chiqaradi, yo'riqnomalarni, o'simliklar karantini qoidalarini va fitosanitariya talablarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi hamda tashkilotlar va aholi e’tiboriga etkazadi;

karantin ostidagi mahsulotni olib kirish chog'idagi o'simliklar karantini qoidalarini belgilaydi, xalqaro savdo kontraktlariga (shartnomalariga) O'zbekiston Respublikasining hududiga o'simliklar karantini ob’ektlari kirib kelishining va tarqalishining oldini olishni ta'minlaydigan talablar kiritilishini ko'rib chiqadi, shuningdek xulosalar beradi; 

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda O'zbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega bo'lgan zararli organizmlar ro'yxatini tasdiqlaydi;

O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari, karantin ostidagi mahsulotlar va ularning tarqalish hududlari ro'yxatini tasdiqlaydi; 

O'zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlangan karantin ostidagi mahsulotlar ro'yxatini tasdiqlaydi;
fitosanitariya talablarini tasdiqlaydi;

avtomobil yo'llaridagi, temir yo'l stantsiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi o'simliklar karantini chegara punktlari va pochtamtdagio'simliklar karantini punkti, shuningdek o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish bo'yicha maxsus fumigatsiya bo'linmalari to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
karantin ruxsatnomasini beradi;

o'simliklar karantini sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, xalqaro tashkilotlarda o'simliklar karantini bo'yicha O'zbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qiladi;

o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish bo'yicha maxsus fumigatsiya bo'linmalarini tashkil etadi, o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurash olib borishda shaxsiy tomorqa, fermer va dehqon xo'jaliklariga, o'rmon xo'jaliklariga, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga xizmatlar ko'rsatadi;

eksportga jo'natilayotgan va xorijiy mamlakatlardan O'zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotning hamda o'simliklar karantini ob’ektlarini tashuvchilarning karantin tekshiruvini va laboratoriya ekspertizasini o'tkazadi;

O'zbekiston Respublikasi hududlarini karantindagi hududlarga va mikrohududlarga bo'lib chiqadi;
karantindagi zararkunandalarga, o'simliklar kasalliklariga va begona o'tlarga qarshi kurashish borasidagi ilm-fan yutuqlarini va ilg'or tajribani, innovatsion uslublar, vositalar va usullarni targ'ib qilish hamda ishlab chiqarishga keng joriy etishga, aholi o'rtasida o'simliklar karantini ob’ektlari to'g'risidagi bilimlarni tarqatishga doir ishlarni tashkil etadi;

tegishli hududda karantinni joriy etish (bekor qilish) to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdimnomalar kiritadi;

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda o'simliklar karantini, karantin cheklovlarini qo'llash bo'yicha har yilgi dasturlarni hamda tadbirlar rejalarini tasdiqlaydi;

O'zbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega bo'lgan zararli organizmlar ro'yxatini, O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari, karantin ostidagi mahsulotlar va ularning tarqalish hududlari ro'yxatini, O'zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlangankarantin ostidagi mahsulotlar ro'yxatini qayta ko'rib chiqish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi. 

O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi qonun hujjatlarigamuvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

12-modda. Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini  davlat inspektsiyalarining vakolatlari

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalari:
karantin ostidagi mahsulotni saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish, qabul qilish punktlari joylashgan erlarni va ularga tutash hududlarni, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlarni, o'rmon fondining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning erlarini o'simliklar karantini ob’ektlarini o'z vaqtida aniqlash maqsadida nazorat tekshiruvlaridan o'tkazishni tashkil etadi;

aniqlangan zararlanish o'choqlarining kengayishiga yo'l qo'ymaslik va ularni bartaraf etish, shuningdek o'simliklar karantini ob’ektlarini olib kirish yo'llarini aniqlash hamda to'sish bo'yicha shoshilinch choralar ko'radi;

fitosanitariya sertifikatini, ichki fitosanitariya sertifikatini, reeksport uchun fitosanitariya sertifikatini, transport birliklarini ochish to'g'risidagi dalolatnomani va karantin ko'rigi dalolatnomasini beradi;
O'zbekiston Respublikasiga xorijiy mamlakatlardan keladigan karantin ostidagi mahsulotni sog'lomlashtirish va zararsizlantirish, shuningdek transport vositalarini zararsizlantirish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tegishli hududni o'simliklar karantini ostida deb e’lon qilish (karantinni bekor qilish), zarur karantin cheklovlarini qo'llash to'g'risida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdimnomalar yuboradi. 

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

13-modda. O'simliklar karantini ilmiy markazi

O'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatining ilmiy ta'minotini O'simliklar karantini ilmiy markazi amalga oshiradi.

O'simliklar karantini ilmiy markazi o'simliklar karantini ob’ektlarining bioekologik xususiyatlarini va ularga qarshi kurashish usullarini o'rganish bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi. 
O'simliklar karantini ilmiy markazi o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish sohasi xodimlarining kasbiy bilimlari va malakasi oshirilishini, o'simliklar karantini ob’ektlari to'g'risidagi bilimlarning aholi o'rtasida tarqatilishini ta'minlaydi.

14-modda. O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi  o'simliklar karantini punktlari

O'zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan karantin ostidagi mahsulotni (shu jumladan tranzit yuklarni) tekshirish o'simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan o'simliklar karantini chegara punktlarida o'tkaziladi.

O'simliklar karantini chegara punkti O'zbekiston Respublikasi davlat chegarasi punktida, ichki hududlararo chegara punktlarida tashkil qilinadi hamda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan xonalar bilan, tekshiruvlar o'tkazish va namunalar olish, fitosanitariya ekspertizasini va fumigatsiya ishlarini amalga oshirish uchun vositalar, aloqa vositalari va Internet tarmog'i bilan ta'minlanadi.

O'simliklar karantini davlat inspektori fitosanitariya sertifikatining qalbakiligini, belgilangan talablarga muvofiq emasligini aniqlagan yoki karantin ostidagi mahsulotlarda o'simliklar karantini ob’ektlari mavjudligi to'g'risida shubha bo'lgan taqdirda, ushbu karantin ostidagi mahsulot o'simliklar karantini tegishli chegara punktida ushlab turiladi va bu haqda O'simliklar karantini davlat inspektsiyasiga xabar beriladi.

15-modda. O'simliklar karantini davlat inspektorlari 

O'simliklar karantini davlat inspektsiyasining boshlig'i O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini bosh davlat inspektoridir, uning o'rinbosarlari va O'simliklar karantini ilmiy markazining direktori O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini bosh davlat inspektorining o'rinbosarlaridir.

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalarining boshliqlari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini bosh davlat inspektorlaridir.
Tumanlar va shaharlar o'simliklar karantini davlat inspektorlari o'z faoliyatini tegishli hududda amalga oshiradi. 

O'simliklar karantini davlat inspektsiyasining, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspektsiyalarining agronomlari, avtomobil yo'llaridagi, temir yo'l stantsiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi o'simliklar karantini chegara punktlarining, shuningdek pochtamtdagi o'simliklar karantini punktining mudirlari va agronomlari, o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish bo'yicha maxsus fumigatsiya bo'linmalarining boshliqlari va mutaxassislari o'simliklar karantini davlat inspektorlaridir.

16-modda. O'simliklar karantini davlat inspektorlarining  huquqlari

O'simliklar karantini davlat inspektorlari o'z vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
karantin ostidagi mahsulotni etishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududiga moneliksiz kirishga;
o'simliklar karantini qoidalari va fitosanitariya talablarining buzilishlarini bartaraf etish hamda ularning oldini olish bo'yicha bajarilishi majburiy bo'lgan taqdimnomalar kiritishga;

laboratoriya tekshiruvlari va tegishli ekspertiza o'tkazish uchun karantin ostidagi mahsulotdan namunalar olishga;
o'simliklar karantini ob’ektlari aniqlanganda o'simliklar karantini qoidalariga muvofiq karantin cheklovlari o'rnatishga, olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotni ushlab turishga, olib qo'yishga yoki qaytarib yuborishga; 

kirib kelayotgan va jo'natilayotgan, ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq o'simliklar karantiniga doir tadbirlar tatbiq etiladigan yuklar to'g'risida bojxona organlaridan, temir yo'l stantsiyalarining, avtovokzallarning (avtostantsiyalarning), aeroportlarning, daryo portlarining (pristanlarining), pochtamtlarning, dehqon bozorlarining
va boshqa tashkilotlarning ma'muriyatlaridan ma'lumotlar talab qilishga;

zarur bo'lgan taqdirda karantin ostidagi mahsulotni ko'zdan kechirish va zararsizlantirish ishlarini amalga oshirish uchun yordamchi ishchilar, xizmat xonalari va yordamchi materiallar berilishini yuklarning egalaridan talab qilishga.
O'simliklar karantini davlat inspektorlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.

17-modda. O'simliklar karantini davlat inspektorlarining  majburiyatlari

O'simliklar karantini davlat inspektorlari:
o'simliklar karantini ob’ektlarining o'simliklar karantini ob’ektlaridan xoli bo'lgan hududga kirib kelishining oldini olish bo'yicha zarur choralar ko'rishi;

o'simliklar karantini ob’ektlariga tashxis qo'yish maqsadida laboratoriya tekshiruvlari va boshqa tekshiruvlar o'tkazilishini tashkil etishi;

tegishli organlar va tashkilotlarni chegaraoldi hududlarda, qo'shni davlatlarda yuzaga kelgan karantin holati to'g'risida xabardor qilishi, o'simliklar karantiniga doir tadbirlarni amalga oshirishi hamda zarur tavsiyalar berishi;
davlat va xo'jalik boshqaruvi organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga zarur fitosanitariya talablarini bajarish to'g'risida taqdimnomalar yuborishi;

o'simliklar karantini qoidalariga nomuvofiqlik va fitosanitariya talablari buzilganligi faktlari aniqlanganda temir yo'l vagonlaridan, kemalardan, samolyotlardan va boshqa transport vositalaridan foydalanishga doir taqiq o'rnatishi shart.
O'simliklar karantini davlat inspektorlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.

4-bob. Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning o'simliklar  karantini sohasidagi huquq va majburiyatlari

18-modda. Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining,  yuridik va jismoniy shaxslarning  o'simliklar karantini sohasidagi huquqlari 

Karantin ostidagi mahsulotni etishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

zarur hollarda, o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati vakillari bilan birgalikda o'simliklar karantini qoidalari va fitosanitariya talablari so'zsiz bajarilishini ta'minlovchi tadbirlar majmuini ishlab chiqish;

o'simliklar karantini ob’ektlarini aniqlash uchun o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatidan karantin ostidagi mahsulotni saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish va qabul qilish punktlari joylashgan erlarni, ularga tutash hududlarni, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlarni, o'rmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning erlarini nazorat tekshiruvlaridan o'tkazishni talab qilish;

o'simliklar karantini ob’ektlari to'liq yo'q qilinganidan keyin o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga karantin cheklovlarini bekor qilish bo'yicha takliflar kiritish.

Karantin ostidagi mahsulotni etishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.

19-modda. Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining,  yuridik va jismoniy shaxslarning o'simliklar  karantini sohasidagi majburiyatlari

Karantin ostidagi mahsulotni etishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar:

o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati nazorati ostida tekshirishga (ko'zdan kechirishga) va o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashishga doir ishlarni, shuningdek ushbu karantin ob’ektlari tarqalishining oldini olishga doir tadbirlarni amalga oshirishi;

belgilangan tartibda karantin ruxsatnomasi va (yoki) ichki fitosanitariya sertifikati olinmagan karantin ostidagi mahsulotni qabul qilmasligi;

xorijiy mamlakatlardan va O'zbekiston Respublikasining o'simliklar karantini ostida deb e’lon qilingan hududlaridan karantin ostidagi mahsulotni olib kirishda o'simliklar karantini qoidalariga rioya qilishi;
tegishli yuklar saqlanadigan omborxonalarda har yili kamida bir marta profilaktik fumigatsiya ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirishi shart.

Karantin ostidagi mahsulotni etishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.

Qishloq xo'jaligi o'simliklari, dorivor o'simliklar, daraxt va butalar etishtirish, o'simliklarning yangi navlari selektsiyasi bilan shug'ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar o'simliklar karantini ob’ektlarini o'z vaqtida aniqlash maqsadida ekinlar va daraxtlarni tizimli ravishda kuzatib borishni amalga oshirishi, ular aniqlangan taqdirda esa bu haqda mahalliy davlat hokimiyati organlarini, o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatini darhol xabardor qilishi, shuningdek aniqlangan o'simliklar karantini ob’ektlarini bartaraf etish bo'yicha choralar ko'rishi shart.

5-bob. O'simliklar karantiniga doir tadbirlar va  ularni amalga oshirish

20-modda. O'simliklar karantiniga doir tadbirlar

O'simliklar karantiniga doir tadbirlarning maqsadi o'simliklar karantini ob’ektlarining xorijiy mamlakatlardan, shuningdek O'zbekiston Respublikasining o'simliklar karantini ob’ektlari tarqalgan hududidan O'zbekiston Respublikasining o'simliklar karantini ob’ektlaridan xoli bo'lgan hududlariga kirib kelishi natijasida zarar etkazilishi xavfining oldini olish, uni cheklash va bartaraf etishdan iborat.
O'simliklar karantiniga doir tadbirlar: 

tabiiy sharoitlardagi mavjud o'simlik dunyosiga, qishloq xo'jaligiga, o'rmonlarga, dorivor, manzarali o'simliklarga, shu jumladan ularning urug'lari, ko'chatlari va qismlariga (qalamchasi, piyozi, tugunagi, mevasiga va boshqalarga), shuningdek o'simliklar karantini ob’ektlarini tashuvchi bo'lishi mumkin bo'lgan boshqa o'simlik mahsulotiga;
tirik zamburug'larga, bakteriyalar, viruslar, nematodalar, kanalar, hasharotlarga;

hasharotlarning, o'simliklar kasalliklarini qo'zg'atuvchilarning kollektsiyalariga va ular etkazadigan zararlarning namunalariga, shuningdek gerbariylarga va urug'larning kollektsiyalariga;

xorijiy mamlakatlardan va O'zbekiston Respublikasining o'simliklar karantini ostida deb e’lon qilingan hududlaridan kirib kelayotgan o'simliklarga, qishloq xo'jaligi mashinalariga, erga ishlov berish qurollariga, idishlarning barcha turlariga, ayrim sanoat tovarlariga, qadoqlash vositalariga, shuningdek o'simlik materiallaridan tayyorlangan buyumlarga, yaxlit toshlarga, tuproq namunalariga, transport vositalariga hamda boshqa o'simliklar karantini ob’ektlarini tashuvchilarga;
o'simlik mahsulotini etishtiradigan, tayyorlaydigan, g'amlaydigan, qayta ishlaydigan hamda realizatsiya qiladigan korxonalar va tashkilotlarning hududlari va binolariga, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlarga va o'rmon fondi erlariga, yuridik va jismoniy shaxslarning er uchastkalariga, shuningdek qishloq xo'jaligi maqsadlarida foydalanilmaydigan erlarga (yo'llarga, elektr o'tkazgichlar atrofidagi erlarga va boshqalarga) hamda davlatning chegaraoldi hududlariga nisbatan tatbiq etiladi.

21-modda. Karantin o'rnatish va uni bekor qilish tartibi

O'simliklar karantini ob’ektlari aniqlangan hollarda tuman (shahar) o'simliklar karantini davlat inspektorining taqdimnomasiga ko'ra mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari bilan fermer va dehqon xo'jaliklarining, o'rmon xo'jaliklarining hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning er uchastkalari, temir yo'l stantsiyalari, aeroportlar, daryo portlari, shaharchalar, posyolkalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek ularga tutash hududlar o'simliklar karantini ostida deb e’lon qilinadi yoki ularda zarur karantin cheklovlari o'rnatiladi.

Tumanlar va shaharlarni o'simliklar karantini ostida deb e’lon qilish yoki karantin cheklovlarini o'rnatish tegishli o'simliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomasiga ko'ra Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog'iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining hududlarini o'simliklar karantini ostida deb e’lon qilish yoki karantin cheklovini o'rnatish O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
O'simliklar karantini ostida deb e’lon qilingan hududda o'simliklar karantini o'chog'ining tarqalishiga yo'l qo'yilmaydi, unga tutash hududlarda o'simliklar karantini ob’ektlari tarqalishining oldini olishga va ularni yo'q qilishga qaratilgan o'simliklar karantiniga doir tadbirlar o'tkaziladi.

Karantin ostidagi mahsulotni karantin cheklovlari o'rnatilgan hududlardan olib chiqish va ulardan foydalanish shartlari o'simliklar karantini qoidalari va fitosanitariya talablari asosida amalga oshiriladi, bundan zararlangan mahsulot mustasno.

Zararlangan mahsulotdan foydalanish shartlari o'simliklar karantini qoidalariga muvofiq o'simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan belgilanadi. 
Hududda o'rnatilgan karantin cheklovlari o'simliklar karantini bo'yicha zarur tadbirlar o'tkazilganidan va o'simliklar karantini ob’ektlari to'liq yo'q qilinganidan keyin, tegishli o'simliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomalariga ko'ra cheklovlar o'rnatgan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan yoki O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan bekor qilinadi.

22-modda. Fitosanitar dala nazorati va uni tashkil etish

Fitosanitar dala nazorati o'simliklarning va o'simlik mahsulotining fitosanitar tozaligini ta'minlash, ularda o'simliklar karantini ob’ektlarining mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Fitosanitar dala nazorati o'simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi. 
Fitosanitar dala nazorati o'tkazilganidan keyin dalolatnoma tuziladi va amalga oshirilishi zarur bo'lgan tadbirlar belgilanadi.

23-modda. O'simliklar karantini sohasidagi  laboratoriya tekshiruvlari

O'simliklar karantini sohasidagi laboratoriya tekshiruvlari karantin ostidagi mahsulotning qismlarini va (yoki) namunalarini ular zararlanganligini yoki zararlanmaganligini, ularda o'simliklar karantini ob’ektlari mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida o'tkaziladigan tadqiqotlardan iborat va bu tadqiqotlar qonun hujjatlariga muvofiq akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda o'tkaziladi.

O'simliklar karantini sohasidagi laboratoriya tekshiruvlari:
karantin ostidagi mahsulotning o'simliklar karantini qoidalariga hamda fitosanitariya talablariga muvofiqligini aniqlash;

O'zbekiston Respublikasi hududida o'simliklar karantini sohasida monitoring olib borish;

fitosanitar xavfni tahlil qilish;
fitosanitariya sertifikatini berish;
karantin ruxsatnomasini berish; 
ilmiy izlanishlarni amalga oshirish maqsadida o'tkaziladi.
O'simliklar karantini sohasidagi laboratoriya tekshiruvlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin.

24-modda. Karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi

Karantin ostidagi mahsulot olib kirilayotganda, O'zbekiston Respublikasi hududida tashilayotganda, olib chiqilayotganda transport vositalaridagi va bo'sh omborlardagi fumigatsiya ishlari faqat o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish bo'yicha maxsus fumigatsiya bo'linmalari tomonidan amalga oshirilib, ularning yakuni bo'yicha zararsizlantirish to'g'risidagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

25-modda. O'simliklar karantini sohasida monitoring yuritish 

O'zbekiston Respublikasi hududida o'simliklar karantini sohasida monitoring yuritish o'simliklar karantini ob’ektlarini aniqlash, kuzatish, tahlil qilish, baholash va ularning tarqalishini prognoz qilish tizimidan iboratdir. 
O'simliklar karantini sohasidagi monitoring:

o'simliklar karantini ob’ektlarining O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishiga, tarqalishiga hamda bioekologik xususiyatlarga ta'sir ko'rsatishiga ko'maklashuvchi omillarni aniqlash va baholash;
o'simliklar karantini ob’ektlarining O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelish yo'llarini va tarqalgan hududlarni aniqlash;

o'simliklar karantini ob’ektlari o'choqlarini aniqlash;
o'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
fitosanitar xavfni aniqlash va tahlil qilish maqsadida amalga oshiriladi.
O'simliklar karantini sohasidagi monitoring O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

6-bob. O'simliklar karantini sohasidagi axborotning ochiqligi 

26-modda. Axborotdan foydalanish

O'simliklar karantini sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar, shu jumladan fitosanitariya talablari, shuningdek karantin ostidagi hududlar, o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar to'g'risidagi ma'lumotlar hamda o'simliklar karantini sohasidagi boshqa axborot ommaviy axborot vositalarida va O'simliklar karantini davlat inspektsiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

27-modda. O'zbekiston Respublikasi hududining fitosanitar  holati to'g'risidagi milliy ma'ruza

O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi O'zbekiston Respublikasi hududining fitosanitar holati to'g'risidagi milliy ma'ruzani tayyorlaydi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
O'zbekiston Respublikasi hududining fitosanitar holati to'g'risidagi milliy ma'ruza haqidagi axborot O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O'simliklar karantini davlat inspektsiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi lozim.

7-bob. Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish  va olib chiqish 

28-modda. Olib kirilayotgan, olib chiqilayotgan va  tranzit tarzida olib o'tilayotgan karantin ostidagi  mahsulotga nisbatan talablar

Olib kirilayotgan, olib chiqilayotgan va tranzit tarzida olib o'tilayotgan karantin ostidagi mahsulot o'simliklar karantini ob’ektlaridan xoli bo'lishi hamda uning har bir turkumi fitosanitariya sertifikatlarining asl nusxalari bilan ta'minlangan bo'lishi kerak.

Karantin ostidagi mahsulot olib kirilayotganda, olib chiqilayotganda va tranzit tarzida olib o'tilayotganda o'simliklar karantini qoidalari hamda fitosanitariya talablariga rioya qilinishi kerak.

29-modda. Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish

Karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning o'simliklar karantini va ularni himoya qilish bo'yicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi mavjud bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi.

O'simliklar karantini va ularni himoya qilish bo'yicha davlat organlariga ega bo'lmagan xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi tomonidan karantin ostidagi mahsulotning har bir turkumiga alohida-alohida beriladigan karantin ruxsatnomasi mavjud bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi. 

Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar karantin ostidagi mahsulotni olib kirishda:
karantin ostidagi mahsulotni O'zbekiston Respublikasiga etkazib berishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib o'tishga doir savdo shartnomalariga (kontraktlariga) o'simliklar karantini ob’ektlarining O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishining oldini olishni ta'minlaydigan fitosanitariya talablarini kiritishi;

xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotni xarid qilish chog'ida, zarur bo'lgan taqdirda, bu mamlakatlardagi karantin ostidagi mahsulotning fitosanitar holatini o'rganish uchuno'simliklar karantini bo'yicha mutaxassislarni yuborishni nazarda tutishi shart. 

Olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulot o'simliklar karantini chegara punktlarida o'simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan majburiy tekshiruvdan o'tkazilishi lozim.

Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish amalga oshiriladigan o'simliklar karantini chegara punktlari O'simliklar karantini davlat inspektsiyasi tomonidan belgilanadi.

Qo'shni davlatlardan o'simliklar karantini ob’ektlarining O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi va tarqalishi tahdidi yuzaga kelgan taqdirda, vakolatli organlarning qaroriga ko'ra xavf tug'diruvchi uchastkalardagi chegara vaqtincha yopib qo'yiladi.

O'simliklar karantini ob’ektlari aniqlangan karantin ostidagi mahsulotni olib kirish taqiqlanadi, bundan ularning ilmiy maqsadlarda olib kirilayotgan namunalari mustasno.

Urug'liklarni va ekish materiallarini xorijiy mamlakatlardan O'zbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga pochta jo'natmalarida yuborish, shuningdek yuk bilan olib o'tish taqiqlanadi. O'simliklar karantini ob’ektlari bilan zararlanmagan ayrim mevalarni, yangi ho'l meva va sabzavotlarni yo'lovchilarning qo'l yukida o'tkazishga o'simliklar karantini davlat inspektori tomonidan ruxsat beriladi. Alohida qimmatga ega bo'lgan urug'lar, o'simliklar yoki ekish materiallari ilmiy-tadqiqot muassasalarining manziliga yo'llangan taqdirda, ular o'simliklar karantini davlat inspektorining xulosasiga ko'ra introduktsiya karantin ko'chatxonasiga tekshirish uchun yuborilishi kerak.

O'zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va savdo vakolatxonalari tomonidan karantin ostidagi mahsulotni xorijiy mamlakatlardan O'zbekiston Respublikasiga yuk bilan olib kirish va pochta orqali jo'natish, mamlakat ichida tashish hamda undan foydalanish o'simliklar karantini qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotda o'simliklar karantini ob’ektlari aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda bir sutka ichida majburiy fumigatsiya qilinadi yoki boshqa usullar bilan zararsizlantiriladi, begona o'tlardan tozalanadi, yashirin zararlanishlarni aniqlash va sog'lomlashtirish maqsadida oranjereyalarga va karantin ko'chatxonalariga o'simliklar karantini qoidalariga muvofiq ekiladi. Bu o'simlik materialiga texnik jihatdan ishlov beriladi yoki ulardan hududi o'simliklar karantini ob’ektlari tarqalishi xavfidan xoli bo'lgan tumanlarda foydalaniladi. Yashirin zararlanishni aniqlash alohida hollarda laboratoriya tekshiruvi asosida amalga oshirilishi mumkin.

Olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotni zararsizlantirish bilan bog'liq barcha xarajatlar, shu jumladan ishchi kuchidan, transportdan, xonalardan va yordamchi materiallardan foydalanish tegishli yukni oluvchilar yoki karantin ostidagi mahsulotni jo'natuvchilar hisobidan amalga oshiriladi.

Karantin ostidagi mahsulot mavjud bo'lgan tranzit yuklar o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati tomonidan majburiy tekshiruvdan o'tkazilishi lozim. O'simliklar karantini ob’ektlari aniqlangan taqdirda, mazkur yuklar ushlab turilishi, zararsizlantirilishi yoki uni eksport qilgan mamlakatga qaytarib yuborilishi kerak.

30-modda. Karantin ostidagi mahsulotni olib chiqish 

O'zbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulot o'simliklar karantini qoidalariga, fitosanitariya talablariga, shuningdek O'zbekiston Respublikasining o'simliklar karantini sohasidagi xalqaro shartnomalari qoidalariga muvofiq bo'lishi hamda O'zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlangan karantin ostidagi mahsulotlarro'yxatiga kiritilmagan bo'lishi kerak. 

Karantin ostidagi mahsulotning har bir turkumiga belgilangan namunadagi fitosanitariya sertifikati ilova qilingan bo'lishi kerak.

Karantin ostidagi mahsulotni eksport qilish bilan shug'ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar, tegishli o'simliklar karantini davlat inspektsiyasini karantin ostidagi mahsulotni yuklab jo'natish sanasi to'g'risida kamida o'n kun oldin xabardor qilishi, mahsulotni yuklab jo'natish uchun maqbul bo'lgan joyni ular bilan birgalikda belgilashi, yuklab jo'natish sanasidan uch kun oldin eksport qilinayotgan mahsulotni tekshirish uchun taqdim etishi shart.

8-bob. Yakunlovchi qoidalar

31-modda. O'simliklar karantini sohasidagi xalqaro hamkorlik

O'simliklar karantini sohasidagi xalqaro hamkorlik O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

32-modda. O'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati tizimini moliyalashtirish 

O'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati tizimi O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

O'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish bo'yicha maxsus fumigatsiya bo'linmalari zararsizlantirish bo'yicha bajarilgan ishlardan olingan tushumlar hisobidan to'liq o'zini o'zi moliyalashtirish asosida o'z faoliyatini amalga oshiradi. 
O'simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashish va fitosanitar xavfsizlikni ta'minlash uchun har yili O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan mablag'lar ajratiladi.

O'simliklar karantini sohasida ko'rsatiladigan pullik xizmatlardan olingan daromadlar o'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmati tizimi xodimlarini rag'batlantirishga, o'simliklar karantini davlat inspektsiyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga hamda ularning faoliyati bilan bog'liq bo'lgan boshqa xarajatlarning o'rnini qoplashga sarflanadi. 

O'simliklar karantini bo'yicha davlat xizmatining olib kirilayotgan, olib chiqilayotgan va tranzit tarzida olib o'tilayotgan karantin ostidagi mahsulotni tekshirish hamda ko'zdan kechirish, shuningdek zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog'liq barcha xarajatlarining o'rni tegishli yuridik va jismoniy shaxslar mablag'lari hisobidan qoplanadi.


33-modda. Nizolarni hal etish 

O'simliklar karantini sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. 

34-modda. O'simliklar karantini to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

O'simliklar karantini to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.