28.03.2024, Payshanba

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi PQ-3814-sonli qarori haqida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi PQ-3814-sonli qarori haqida

Jonajon Vatanimiz – O'zbekistonimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo'yib, barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda biz uchun bebaho ne’mat bo'lgan mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda. 
Xalqimizning asriy orzusi bo'lgan, Vatanimizning necha ming yillik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a'zosiga aylantirgan O'zbekiston mustaqilligining yigirma etti yilligini munosib kutib olish va nishonlash hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 
28 iyundagi PQ-3814-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida: 
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida” PQ-3814-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:
a) O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi; 
b) Respublika komissiyasiga bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O'zbekistonim!” degan g'oyani o'zida mujassam etgan 
tashkiliy-amaliy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar hamda targ'ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqishi; 
mazkur dasturni 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg'un holda tayyorlashi; 
bunda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo'lga qo'yish, inson manfaatlarini 
ta'minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani, xususan, fan, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport tarmoqlarini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarning mazmun-mohiyatini 
ilmiy-ma'rifiy asosda, hayotiy misollar orqali ochib berishga alohida e’tibor qaratish topshirilganligi; 
v) Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag'ishlab aholining keng qatlamlari o'rtasida ma'rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o'tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot guruhlari tashkil etilishi hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta'minlanishi belgilanganligi; 
g) Respublika komissiyasiga o'z yig'ilishlarida belgilangan 
chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borish topshirilganligi; 
d) Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o'tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo'yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo'lgan stsenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilishi belgilanganligi; 
e) O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo'shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini o'tkazishi; 
tanlov g'oliblari va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilish va taqdirlash topshirilganligi; 
j) O'zbekiston Matbuot va axborot agentligiga O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug', eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko'rik-tanlovlarni yuqori darajada o'tkazishni ta'minlash topshirilganligi; 
z) O'tkaziladigan bayram tadbirlari: 
Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan; 
Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasining Davlat  byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan teng ulushlarda qoplanilishi belgilab qo'yilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin. 
3. O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Respublika komissiyasi tomonidan tumanlar va Nukus shahrida Mustaqillik bayramiga bag'ishlab aholining keng qatlamlari o'rtasida ma'rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o'tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta'minlansin. 
5. Respublika komissiyasi o'z yig'ilishlarida belgilangan 
chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir (shahar) tuman, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borsin. 
6. Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi, Qoraqalpog'iston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo'shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining shahar va tuman hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichlarini o'tkazishni tashkillashtirsin. 
Tanlov g'oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinsin va taqdirlansin hamda O'zbekiston Respublikasi bosqichida ishtirok etish bo'yicha tashkiliy ishlarni olib borsin. 
7. Qoraqalpog'iston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog'iston bo'limi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug', eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko'rik-tanlovlarni yuqori darajada o'tkazishni ta'minlasin. 
8. Belgilab qo'yilsinki, o'tkaziladigan bayram tadbirlari: 
shahar va tumanlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan; 
Nukus shahrida Qoraqalpog'iston Respublikasi va Nukus shahar mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi. 
9. Qoraqalpog'iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog'iston teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog'iston axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.  
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.A.Jumanov zimmasiga yuklansin. 

Qoraqalpog'iston Respublikasi 
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev