29.03.2024, Friday

SECRETARIAT ON SOCIAL DEVELOPMENT

Ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha kotibiyatining funktsional vazifalari to`g`risida

NIZOM

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1. Ushbu Nizom Vazirlar Kengashining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha kotibiyatining (keyingi o`rinlarda kotibiyat deb ataladi) funktsional vazifalarini belgilaydi.

2. Kotibiyat Vazirlar Kengashining funktsional tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi.

3. Kotibiyat o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.

4. Kotibiyat o`z faoliyatini Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari rahbarligida amalga oshiradi.

5. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining boshqa tarkibiy bo`linmalari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

 

2-bob. Kotibiyatning vazifalari va funktsiyalari

 

6. Quyidagilar kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:

o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ishlarini tashkil qilish;

Vazirlar Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib chiqilishini ta`minlash, ularni ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qilish;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari tomonidan o`tkaziladigan majlislar, shu jumladan har haftalik apparat yig`ilishlari va turli komissiyalar majlislari materiallari tayyorlanishini va ularda qabul qilingan qarorlar rasmiylashtirilishini ta`minlash;

sohasida:

aholiga ijtimoiy xizmat ko`rsatish darajasi va sifatini oshirish, hayot va mehnat faoliyati, malakali tibbiy yordam olish, madaniy meroslardan bahramand bo`lish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanish, dam olishni tashkil etish uchun qulay tashkiliy-huquqiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratish hamda sifat jihatdan yangi darajaga ko`tarish bo`yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

aholining ijtimoiy ehtiyoj va talablarini o`rganish asosida hududlarda ijtimoiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini monitoring qilish;

sog`liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga yuqori malakali tibbiy yordamni ko`rsatish, sog`liqni saqlash muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash va kadrlar salohiyatini oshirish borasida  tizimli ishlarni amalga oshirish;

qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini oshirish, har bir inson va butun oila darajasida eng ko`p uchraydigan kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonini tashkil etish, oilalarni patronaj tizimi bilan to`liq qamrab olish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog`lom turmush tarzini, shu jumladan sog`lom ovqatlanishni targ`ib qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va o`smirlar sog`lig`ini muhofaza qilish, tug`ma va irsiy kasalliklarning oldini olish, rivojlanish nuqsoni bo`lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish sifatini oshirish, ularning jamiyat hayotida to`laqonli qatnashishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

aholiga tashhis qo`yishning zamonaviy usullarini joriy etish va yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`lamini yanada kengaytirish. Jahon standartlari darajasidagi eng samarali, murakkab va yuqori texnologiyali usullarga bo`lgan aholi ehtiyojini qondirishga yo`naltirilgan tadbirlar ijrosini ta`minlash;

aholini dori vositalari bilan ta`minlashni yanada yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan sifatli dori vositalar
va tibbiy buyumlar bilan ta`minot darajasini oshirish, mahalliy farmatsevtika sanoatiga investitsiyalar kiritish uchun chet el etakchi kompaniyalari va investorlarini jalb qilish bo`yicha tadbirlarni amalga oshirish;

sport sohasida olib borilayotgan ishlar ko`lamini yanada kengaytirish, sportning ommaviyligini oshirish, qizlar o`rtasida sportni rivojlantirish, barcha hududlar, ayniqsa eng chekka qishloqlarda xalqaro talablarga javob beradigan moddiy-texnik bazaga ega zamonaviy sport inshootlarini barpo etish;

aholining turmush madaniyatini, hayot sifatini oshirishga qaratilgan ta`lim, dam olish va hordiq chiqarish, bandlik, maishiy xizmatlar ko`rsatish, madaniyat, san`at va sport sohalari muassasalaridan foydalanish ko`lamini kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

mahalla fuqarolar yig`inlari, xotin-qizlar, nuroniylar, yoshlar tashkilotlari, fuqarolik jamiyatlari institutlari, ommaviy axborot vositalarining tinch osoyishta hayotimizni asrash va mustahkamlashga qaratilgan vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish.

7. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:

sohaga oid topshiriqlari bilan Kotibiyatga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

sohaga oid topshiriqlari bo`yicha tegishli tahliliy, ma`lumotnoma, statistik materiallar va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi;

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga kiritiladigan, shuningdek, Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan qabul qilinadigan tegishli normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;

sohaga oid qarorlari va farmoyishlari bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni tashkil etadi, ularning bajarilishini ta`minlash bo`yicha tegishli tashkiliy chora-tadbirlarni va nazorat rejalarini ishlab chiqadi;

muammoli masalalarni hal etish hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi, shuningdek, kotibiyatga tegishli sohalarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish yuzasidan takliflar va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda Vazirlar Kengashi Raisiga va bevosita Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga taqdim etadi;

davlat dasturlari amalga oshirilishida topshiriqlarning bajarilishi bo`yicha tegishli tizimlangan ma`lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;

Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ishtirokida o`tkaziladigan yig`ilishlar o`tkazilishini ta`minlaydi va mas`ullarni jalb etgan holda ishlarni muvofiqlashtiradi;

Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Qonunlariga muvofiq ko`rib chiqadi;

davlat sirlari bo`lgan ma`lumotlar yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa axborotlarning himoya qilinishini ta`minlaydi;

Vazirlar Kengashining faoliyati to`g`risida jamoatchilikni belgilangan tartibda xabardor qilishni tashkil etadi;

kotibiyatda ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Kotibiyat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajaradi.

 

3-bob. Kotibiyatning huquqlari va javobgarligi

 

8. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Vazirlar Kengashida ko`rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish uchun kotibiyatga qonun hujjatlarida belgilangan zarur bo`lgan materiallar va ma`lumotlarni davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalaridan, tumanlar va shahar hokimliklaridan, boshqa tashkilotlardan, Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalaridan belgilangan tartibda so`rab olish;

zarurat bo`lganda, kotibiyatda ko`rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari rahbarlari va xodimlarini, Vazirlar Kengashining tegishli majmualari, boshqarma va guruhlari xodimlarini taklif etish, jalb etish va ushbu maqsadlar uchun vaqtinchalik ekspert guruhlari tashkil etish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari, boshqa tashkilotlar, Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalariga tezkorlik bilan hal etishni talab qiladigan hamda kotibiyatga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bilan bog`liq bo`lgan masalalar bo`yicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari, boshqa tashkilotlarda, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning bajarilishi yuzasidan ishlarni belgilangan tartibda o`rganish.

9. Kotibiyatning javobgarligi:

o`ziga yuklangan vazifalar hamda funktsiyalarning sifatli va o`z vaqtida bajarilishi;

sohaga oid hujjatlar va topshiriqlarga muvofiq kotibiyatga tegishli takliflar va hujjatlar loyihalari har tomonlama va o`z vaqtida tayyorlanishiga;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Vazirlar Kengashiga, ya`ni kotibiyatga yuklatilgan vazifalar yuzasidan kiritiladigan takliflar va hujjatlar sifatli va o`z vaqtida ishlab chiqilishining tashkil etilishi, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o`tkazilishi, shuningdek, asoslangan xulosalar tayyorlanishiga;

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashiga ko`rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o`tkazish sifati, shuningdek, kiritilgan loyihalar va qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash to`g`risida”gi 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli qaroriga muvofiq ijro intizomi ta`minlanishiga;

sohaga oid topshiriqlarning va kotibiyatga bevosita tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi holatining o`z vaqtida o`rganilishiga  uchun javob beradi.

 

4-bob. Kotibiyatning tuzilmasi

 

10. Kotibiyatining tuzilmasiga kotibiyat boshlig`i, bosh mutaxassis kiradi.

11. Kotibiyatning tuzilmasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan tasdiqlanadi.

12. Kotibiyatning faoliyati mazkur Nizomga muvofiq tashkil etiladi.

13. Kotibiyat o`z faoliyatida Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga bo`ysunadi.

14. Kotibiyat boshlig`i Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

15. Kotibiyat mutaxassisi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

16. Kotibiyat nizomi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan tasdiqlanadi.

17. Kotibiyat bosh mutaxassisining funktsional vazifalari Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar kompleksi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.  

 

5-bob. Kotibiyat faoliyatini tashkil etish

 

18. Kotibiyat ishlari O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va boshqa qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o`rinbosarlari topshiriqlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining qarorlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Kengashining ish rejalari asosida tashkil etiladi.

19. Kotibiyat o`z faoliyatini yarim yillik va yillik ish rejalari asosida olib boradi.

20. Kotibiyatda har haftada yig`ilishlar o`tkazilib, berilgan topshiriqlar, rejalarning bajarilishi nazorat etilib, yangi haftaga mo`ljallangan ishlar va topshiriqlar belgilab olinadi.

21. Kotibiyatda ish yuritilishi, hujjatlarning o`tishi kotibiyat mutaxassislari tomonidan olib boriladi hamda shu haqda muntazam ravishda Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga ma`lumot berib boriladi.

22. Kotibiyat boshlig`i:

Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarining ko`rsatmasi va topshiriqlariga asosan ishni tashkil etadi;

bevosita kotibiyatning boshqaruvini amalga oshiradi, mutaxassisning faoliyatini tashkillashtiradi va kotibiyatga yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsan mas`ul hisoblanadi;

kotibiyat ish rejasini shakllantiradi va uning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;

kotibiyatga yuklangan vazifalarni bajarishda kotibiyat xodimiga ishlarni taqsimlaydi va bevosita ijrosini nazoratga oladi;

o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ishlarini tashkil qiladi.

Vazirlar Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib chiqilishini ta`minlaydi, ularning ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qiladi;

tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo`yicha tahliliy materiallarni va ekspert takliflarini tayyorlaydi, shuningdek, ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur tarzda kelishilishini ta`minlaydi;

materiallar va hujjatlar loyihalari to`g`risida belgilangan tartibda Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga axborot beradi;

tegishli funktsional masalalar va hujjatlar bo`yicha tizimlashtirilgan ma`lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini tashkil etadi;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari tomonidan kotibiyatga yuklatilgan vazifalarga taalluqli masalalar yuzasidan o`tkaziladigan majlislar, har haftadagi apparat yig`ilishlarida va barcha komissiyalarda hamda kotibiyat sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha o`tkaziladigan boshqa yig`ilishlarda ishtirok etadi;

agar kotibiyat boshlig`i vaqtinchalik bo`lmasa, uning majburiyatlarini bosh mutaxassis vaqtinchalik bajaradi;

ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha ishlarni targ`ib qilish maqsadida qabul qilingan sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishini tashkil etadi;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarining topshiriqlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.